TOSHKENT, 7 mar — Sputnik. Bugun Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Nobuaki Ito "Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga begʻaraz yordam" dasturi doirasidagi grant shartnomalarini imzoladi. Bu haqda Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Amalga oshirilishi rejalashtirilgan 8 loyiha uchun jami 551 132 dollari ajratilgan. Grant oluvchi muassasalar roʻyxatidan Toshkent viloyat oʻsma kasalliklar dispanseri, Toshkent shahar 3-sonli bolalar klinik shifoxonasi, Namangan viloyat onkologiya dispanseri oʻrin olgan.
Shuningdek, Samarqand viloyati Oqdaryo tumani 40-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoraoʻzak tumani 2-sonli maktabgacha davlat taʼlim muassasasi, shu tumandagi 8-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi, Jizzax shahar koʻzi ojiz va zaif bolalar maxsus maktab internati va Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumani kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internati ham Yaponiya hukumati grantlarini qoʻlga kiritdi.
1995 yildan boshlab ushbu dastur doirasida Oʻzbekistonda tibbiyot va taʼlim muassasalari, mahalliy hokimiyat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan jami 26 044 456 dollarlik 363 loyiha amalga oshirildi.
Shartnomalarni imzolash marosimida Yaponiyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Nobuaki Ito, elchixona xodimlari, "Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga begʻaraz yordam dasturi" koordinatori Satoru Nishizava hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.