TOSHKENT, 7 mar — Sputnik. Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va Malayziya davlatlari shu vaqtgacha inoq munosabatda edilar, ular oʻrtasida hattoki viza yoʻq edi.
Ayni vaqtda Shimoliy Koreya mana shunday sanoqli doʻstlaridan biri boʻlgan Malayziyadan ayrilish arafasida turibdi.
Eslatib oʻtamiz, 13 fevral kuni, Kuala-Lumpur aeroportida KXDR fuqarosiga tajovuz uyushtirilgach Shimoliy Koreya va Malayziya oʻrtasidagi munosabatlarga darz ketgan edi. Janubiy Koreya hukumati tez orada tajovuz qurboni Kim Chen Nam — shimoliy koreyalik rahbar Kim Chen Inning akasi ekanligi haqida maʼlumotlar tarqata boshladi. Kim Chen In oʻz akasining qotilligida ayblandi.
Malayziya hukumati bu qotillikda KXDRning bir nechta fuqarolari aralashgan boʻlishi mumkinligini gumonladi. Va shimoliy koreyaning Air Koryo aviakompaniyasi xodimi hamda diplomatlarning birini hibsga olish uchun order berdi. Yuz bergan hodisa tufayli Malayziya hukumati Shimoliy Koreya elchisi Kan Chxolni mamlakatdan chiqarib yubordi. KXDR ham xuddi shunday javob qaytardi.