TOShKENT, 4 mar — Sputnik. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 6-7 mart kunlari Turkmanistonga tashrifi arafasida Toshkentdagi ko‘chalardan biriga Maxtumquli nomi berildi.
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash bo‘yicha shahar komissiyasining Toshkentda Maxtumquli nomini abadiylashtirish to‘g‘risidagi taklifi Xalq deputatlari shahar kengashi tomonidan 1-martda tasdiqlandi.
Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri, turkman adabiyoti, madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Maxtumquli (1733-1793) Xiva, Buxoro va Andijon madrasalarida tahsil olib, o‘zbek adabiyotining o‘tmish namoyandalari asarlari bilan yaqindan tanishgan.
Maxtumquli o‘zbek adabiyoti, madaniyati va tarixi bilan yaqindan tanishib, bir qancha liroepik dostonlar, juda ko‘p g‘azallar yaratgan. Maxtumquli ijodining turkman adabiyoti tarixidagi o‘rni, uning o‘zbek-turkman adabiy aloqalar sohasidagi ahamiyati taniqli o‘zbek va turkman olimlarining ilmiy ishlarida keng yoritilgan.
Maxtumquli o‘z she’rlarining birida o‘zbek xalqining mutafakkir shoiri Alisher Navoiyni ustoz sifatida hurmat qilishini bildirgan. Maxtumquli Navoiyning lirika sohasidagi asarlaridan ta’sirlanib, ustozning g‘azal va muxammaslari uslubida manzur asarlar yaratdi.