TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Temurmalik ismli toshkentlik o‘smir o‘z tug‘ilgan kuniga Bolalar suyak-sil sihatgohidagi bemor bolalar uchun kitob yig‘ish bo‘yicha xayriya tadbirini uyushtirdi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Toshkentdagi Next ko‘ngilochar-savdo majmuasiga kelgan Temurmalik ismli o‘smir kelayotgan yakshanbada nishonlanadigan tug‘ilgan kunida tadbir uyushtirishda yordam so‘radi. U ota-onasi bergan pulga mehrga muhtoj bolalar uchun sovg‘a olishga qaror qilgandi.
"Avvaliga do‘stlarim bilan majmuaga kino tomosha qilish, yaxmalakda uchish va fudkortda pissa yeyish uchun kelmoqchi edim. Ota-onam tug‘ilgan kunim zo‘r bayramdek o‘tishi uchun menga pul ham berishgandi. Birdan xayolimga bir fikr keldi: men doim maza qilib hordiq chiqarishim mumkin. Do‘stlarim ham. Biroq shunday bolalar borki, ular vaqtini chog‘ o‘tkaza olmaydilar. Balki ularning ota-onalarida pul yo‘qdir, balki ular betobdir. Dadamning oldiga maslahat so‘rab bordim. Qanday qilib men tug‘ilgan kunimga oladigan sovg‘alarimni ularni doim ham ko‘ravermaydigan bolalar ham olishi mumkin? Shunday qilib Next rahbarlaridan yordam so‘radim", — deydi Temurmalik.
Savdo majmuasi jamoasi o‘zaro kelishgan holda Bolalar suyak-sil sihatgohini tanladi. U yerdagi bemor bolajonlar kitoblarni juda sevishadi. Ularning bariga esa kitob yetmaydi. Shu tarzda Next savdo majmuasi tomonidan xayriya kitoblar marafoni e’lon qilindi. Ushbu marafonga barcha xohlovchilar qo‘shilishlari mumkin. Buning uchun uydagi kitob javonida turgan yaxshi holatdagi kitoblardan olib majmuaga keltirish kifoya.
Temurmalik tavallud ayyomi uchun atalgan pullarga allaqachon ilk sovg‘alarni xarid qildi. bundan tashqari, savdo majmuasi o‘z kutubxonasida mavjud kitoblardan bir qismini sihatgohga taqdim etishga qaror qildi. bu ko‘p emas, lekin xayriya marafoni yordamida bemor bolalar yuzlaridagi shodon tabassumlar yana ham ko‘payadi.
Kitob yig‘ish tadbiri uch kun — 3-martdan 5-martgacha davom etadi, 6-mart kuni birgalikda to‘plangan kitoblar doimiy saqlanish uchun Bolalar suyak-sil sihatgohiga topshiriladi.
Temurmalikning o‘zi esa matematikani yoqtiradi, xalqaro oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishga tayyorlanmoqda va kelajakda yosh ixtirochi va olimlar uchun fond tashkil qilmoqchi.