TOShKENT, 20 fev — Sputnik. "Sen Yolg'iz Emassan" bolalar fondi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan "Bolaga tabassum ulash" xayriya aksiyasi doirasida Jizzax viloyatida 1338 nafar bola shifokor ko‘rigidan o‘tib, 45 bolaga jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Bu haqda fond asoschisi Lola Karimova-Tillyayeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
O‘zbekiston hududlarida istiqomat qiluvchi bolalarni yuqori sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilib olgan mazkur tadbirga kam ta’minlangan oila farzandlari hamda Jizzax viloyatidagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari jalb qilindi.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti xodimlaridan iborat shifokorlar guruhi viloyatning Forish, Zomin, Zarbdor, Do‘stlik, Paxtakor, Zafarobod, Mirzacho‘l, G‘allaorol, Baxmal va Yangiobod tumanlariga tashrif buyurdilar.
Oftalmolog, travmatolog, otorinolaringolog, EXOKG shifokori, kardiojarroh va kardiologlardan iborat shifokorlar bolalarni ko‘rikdan o‘tkazib, sog‘lig‘i jarroxlik aralashuvini talab etgan bolalarga operatsiyalar amalga oshirdilar.
137 nafar bola Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga davolanish uchun olib kelindi.
Ushbu xayriya aksiyasi doirasida viloyatdagi yosh shifokorlar uchun oftalmologiya, travmatologiya-ortopediya, kardiojarrohlik, kardiologiya, otorinolaringologiya va anesteziologiya sohalaridagi yuqori texnologik usullar bo‘yicha treninglar amalga oshirildi.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti shifokorlari ishtirokidagi tibbiy yordamni joylarda amalga oshirishga yo‘naltirilgan mazkur aksiya "Sen Yolg'iz Emassan" fondi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2012-yildan beri amalga oshirib kelinmoqda.