TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va Yo‘l patrul xizmati xodimlari noto‘g‘ri parkovka qilingan avtomobillardan raqamini yechib olishga haqli emas, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bu masalaga oydinlik kiritishga yordam berdi.
Doniyor Toshxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda huquq-tartibot organlari ichki tartib buyrug‘iga egalar va bu hujjatda avtomobillar raqamlari yechib olish tartibi qat’iy belgilangan 45ga yaqin bandlar mavjud.
"Misol uchun inspektor agar avtomobil texnik jihatdan nosoz bo‘lsa yoki bo‘lmasam uzoq vaqt mobaynida shaharning biron bir qismida qoldirib ketilgan bo‘lsa mashina raqamini yechib olishi mumkin.
Ammo inspektor noto‘g‘ri parkovka qilingan avtomobil raqamini yechib olishga haqli emas. U evakuatorni chaqirib, mashinani jarima maydonchasiga yuborishi lozim", — deb ta’kidladi Toshxo‘jayev.