TOShKENT, 2 mar — Sputnik. Kecha 2017-yilda Toshkentda 102ta yangi ko‘p qavatli turarjoylar qurilishi haqida xabar bergandik. Ipoteka bankning Respublika boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, mazkur uylardagi xonadonlarni tumanlar hokimiyatlari huzurida tashkil etiladigan hududiy komissiyalar taqsimlaydi.
Ipoteka bankning turarjoylar qurilishini moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Toshpo‘latovning aytishicha, turarjoyga muhtoj bo‘lgan fuqarolar shahar hokimiyatlari huzuridagi hududiy komissiyalarga ariza bilan murojaat qilishlari kerak. Komissiya ijobiy xulosa chiqarganidan so‘ng murojaat qiluvchi uchun ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadon tanlanadi. Shu bilan bir vaqtda Ipoteka banki bo‘linmalarida xonadon narxining 25 foizi miqdorida boshlang‘ich badal to‘lanib, hisob raqami ochilishi lozim.
Matbuot anjumanida bildirilishicha, o‘ziga biriktirilgan xonadonni xarid qilish uchun fuqaro kredit oluvchining pasporti nusxasi, kredit oluvchining so‘nggi 12 oydagi daromadiga doir ish joyidan ma’lumotnoma kabi qator hujjatlarni bankka taqdim etishi darkor.
"Yigirma yilga beriladigan kreditning imtiyozli davri uch yil, – deydi bankning ipoteka va iste’mol kreditlari boshqarmasi boshlig‘i Bobur Nurmuhamedov. – Shuningdek, uning dastlabki besh yilida to‘lov kredit miqdorining 7 %dan iborat bo‘lib, keyingi yillar Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasiga ko‘ra hisoblanadi. Biz sotib olinadigan uy-joy umumiy qiymatining 75 %i miqdorigacha bo‘lgan summani kredit sifatida beramiz".
Kredit oluvchiga yana bir qator soliq imtiyozlari ham yaratilganligi aytilgan. Ya’ni kredit oluvchining o‘zi yoki oila a’zolarining kredit bo‘yicha oylik to‘lovlarni qaytarish uchun yo‘naltirgan mablag‘i soliqqa tortilmaydi. Agarda korxonalar qaytib olmaslik sharti bilan o‘z xodimlariga ipoteka kreditining boshlang‘ich badalini to‘lab bergan bo‘lsa, mazkur mablag‘ ham soliqqa tortilmaydi. Shuningdek, kredit to‘liq qaytguniga qadar xonadon uchun mol-mulk solig‘i to‘lanmaydi.