TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni Sergeli tumanida bunyod etilayotgan zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar bilan tanishdi. Bu haqda "Kun.uz" xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, Sergeli tumanida 2016-2017 yillar rejasiga asosan 4284 xonadondan iborat 102 zamonaviy ko‘p qavatli uy-joy qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur yirik loyiha oilalarning turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkonini yaratadi. E’tiborlisi, uylar oilalarga imtiyozli ipoteka krediti orqali beriladi.
Mustaqillikning 26-yilligi arafasida ushbu uy-joyning 66tasini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ta’lim muassasalari, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham barpo etiladi.
"Asosiy maqsadimiz odamlarga qulaylik yaratish, ularning turmush farovonligini yuksaltirish. Mazkur uy-joylar taqsimotida adolat mezoniga qat’iy rioya etilishi kerak. Shunda xalqimizning kayfiyati yaxshi, hayotdan rozi bo‘ladi. Ertangi kunga ishonchi ortadi. Aholining ehtiyoji, talabidan kelib chiqib bunday uylarni Toshkent shahrining 10 tumanida 10 tadan qurishni rejalashtirmoqdamiz", dedi Mirziyoyev.
Prezident mutasaddi rahbarlar va mutaxassislarga mazkur inshootlarni bugungi kun talablariga to‘la javob beradigan puxta loyihalar asosida qurish, ularni eng zamonaviy infratuzilmalar bilan ta’minlash bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, bugun O‘zbekiston prezidenti Toshkent shahridagi qator qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.