TOShKENT, 2 mar — Sputnik. Poytaxtdagi mehmonxonalardan birida ma’mur bo‘lib ishlaydigan Anvar (ismlar o‘zgartirilgan) mehmonxonaga tashrif buyuradigan erkaklardan 90 ming so‘mdan 120 ming so‘mgacha pul undirib, ularga shahvoniy hirslarini qondirishlari uchun zarur sharoitni yaratib berishni o‘ziga kasb qilib oldi, deb xabar qilmoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot-xizmati.
Kunlarning birida Anvar ko‘ngilochar maskanlardan birining rahbari Odiljon degan kishi bilan tanishib qoladi. Odiljon unga o‘zi rahbarlik qilayotgan maskan kechki soat 18.00dan tungi 03.00ga qadar ishlashini, u yerga asosan xorijliklar tashrif buyurishini, ularning mehmonxonada yengiltabiatli ayollar bilan ko‘ngilxushlik qilishi uchun sharoit yaratib bersa, chet el valyutasida pul to‘lashini bildirdi.
Ko‘p o‘tmay Odiljonning harakati bilan ko‘ngilochar maskan mijozlarini mehmonxonaga olib borish yo‘lga qo‘yilib, haydovchilar tayinlandi. Shu tariqa uyushgan jinoiy guruhga asos solindi. Anvar har bir mehmonga ajratilgan xona uchun 50 dollardan, taksichilar esa 10 dollardan "xizmat haqi" oladigan bo‘ldi.
Tegishli idoralarga qilingan shikoyatdan keyin maxsus tadbirda Anvar navbatchilik qilayotgan bir kechaning o‘zida 32 nafar erkak va ayolga noqonuniy ravishda xonalar ajratgani ma’lum bo‘ldi. Uning seyfidan tegishli tartibda mehmonxona g‘aznasiga kirim qilinmagan 3 million 523 ming so‘m va 500 dollar ashyoviy dalil sifatida olindi.
IIV matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, uyushgan jinoiy guruhning barcha a’zolariga jazo tayinlandi.