TOShKENT, 1 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qurilishi tugallanmagan obyektlar va bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlarini o‘z nazoratiga olmoqda, deb xabar berdi Podrobno.uz Davlat raqobat qo‘mitasi matbuot xizmatiga asoslanib.
Davlat rahbari "Ishlab chiqarish obyektlaridan tadbirkorlar foydalanishini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida" qaror qabul qildi. Hujjat qurilishi tugallanmagan obyektlar hamda foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali va oqilona foydalanish uchun ijobiy muhit yaratish, zarur sarmoyalar kiritish, zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Ta’kidlash joizki, tijorat banklari qarorni ijro etish doirasida yuridik hamda jismoniy shaxslar, shuningdek qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmaydigan sanoat maydonlari asosida investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi ijarachilarga imtiyozli kreditlar taqdim etadi.
Kreditlar 12 oylik imtiyozli davr bilan 5-yilga qadar bo‘lgan muddatga beriladi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasidan oshmaydi.
Hujjatda inventarizatsiyadan o‘tkazish hamda qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash bo‘yicha hududiy Idoralararo komissiyalar tashkil etish nazarda tutilgan. Davlat raqobat qo‘mitasining tegishli hududiy boshqarmalari ularning ishchi organlari sifatida belgilandi.
Idoralararo komissiyalar tegishli hududlardagi qurilishi tugallanmagan obyektlar hamda foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash, ularning egalari bilan ishlab chiqarish yoki xizmatlar sohasi obyektlarini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, yuqorida keltirilgan choralarni amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritalari"ni hamda ilgari xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xo‘jalik faoliyatiga jalb etishni tezlashtirish mexanizmi Sxemasini ham tasdiqlash ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining 2017-2021 yillarda besh yo‘nalish bo‘yicha rivojlantirish Harakatlar strategiyasiga muvofiq, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonini kengaytirish hamda soddalashtirish, shuningdek, xususiylashtirilgan davlat mulki obyektlarida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ijobiy muhitni yaratish nazarda tutilgan.
Avvalroq Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlarini samarali amalga oshirishni ta’minlash maqsadida kichik biznesni rivojlantirish Kafolat jamg‘armasi tashkil etildi hamda davlat mulki obyektlaridan tadbirkorlik maqsadida foydalanishni amalga oshirish jarayoni soddalashtirildi. Bu qaror Strategiyada belgilangan choralarni amalga oshirishda navbatdagi qadam bo‘ldi.