TOShKENT, 1 mar — Sputnik. O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "Ipoteka-bank" aksiyadorlik-tijorat banki aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlashga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazdi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Prezident qaroridan maqsad esa shaharda yashayotgan aholini, shu jumladan, yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda yashayotgan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan boshqa toifadagi fuqarolarni arzon, qulay, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash yo‘li bilan ularning turmush darajasini yanada oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishdan iboratdir.
Xabarda aytilishicha, 2017-yilda 191 ko‘p xonadonli uy qurilishi belgilangan hamda shu kunlarda ularni qurish ishlari boshlab yuborilgan. Shundan 102 tasi Toshkent shahrida bunyod etiladi, deb yozadi nashr.
Uy-joy qurib bitkazilgach, biriktirilgan xonadonni sotib olish istagidagi fuqaro bankka bir qator hujjatlar taqdim etishi zarur. Ariza, kredit oluvchining pasport nusxasi, kredit oluvchining oxirgi 12 oyda olgan daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar shular sirasidandir.