Mirziyoyev tashabbusi bilan Abdulla Oripov maktabi tashkil etiladi

Obuna bo‘lish
Qahramon shoirning haykali Qarshi shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida bunyod etiladi. Bu yoshlar uchun faxr va g‘urur timsoli, ma’naviy tarbiya manbai bo‘lib xizmat qiladi

TOShKENT, 28 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oddiy xalq turmushi, viloyat hayoti bilan tanishish maqsadida 24-25 fevral kunlari Qashqadaryoga safar qilgan edi.

Ushbu safari davomida Mirziyoyev O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov haykali, Abul-Mu’iyn Nasafiy ziyoratgohi rekonstruksiyasi loyihalari bilan tanishdi.

Abdulla Oripov - Sputnik O‘zbekiston
"Bu yil dillar vidolarda kuyib o‘tdi" - Usmon Azim Abdulla Oripov xotirasiga marsiya yozdi
Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotini yangi bosqichga ko‘targan nodir iste’dod sohibi edi. Uning yuksak badiiy, teran falsafiy she’rlari xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan. Dramatik va publitsistik asarlari, doston va tarjimalari adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan.

Abdulla Oripov O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi sifatida xalqimiz qalbida mangu yashaydi. Qahramon shoirimizning haykali Qarshi shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida bunyod etiladi. Bu yoshlar uchun faxr va g‘urur timsoli, ma’naviy tarbiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Mirziyoyev haykal loyihasini takomillashtirish, bu yerda Abdulla Oripov maktabi va muzeyini tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Abul-Mu’iyn Nasafiy XI asrda yashagan, islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalardan biridir. Buyuk bobomizning ilmiy asarlari bugungi kun uchun ham g‘oyat ahamiyatlidir.

Suv inshooti - Sputnik O‘zbekiston
Qashqadaryo qishloq xo‘jaligining "yuragi"ni tiklashga 130 mln dollar sarflanadi
Mirziyoyev bu qadamjoni keng va obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, bu maskanda kutubxona tashkil etish, alloma asarlarini tarjima qilib, xalqimizga yetkazish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi.

Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryoga tashrifi, odamlar bilan samimiy muloqotlar voha xalqiga katta xursandchilik bag‘ishladi, belgilab berilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar viloyat rivojini yangi bosqichga ko‘taradi.

Yangiliklar lentasi
0