TOShKENT, 27 fev — Sputnik. O‘zbekistonda jinoiy jazolar tizimiga "majburiy jamoat ishlari" kiritiladi. Bu haqda 24-fevral kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi "Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonida mavjud bo‘lgan normalarning amaliyotga tatbiq etilishini ta’minlaydi.
"Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni ta’minlash Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq jinoiy jazolar tizimiga "majburiy jamoat ishlari"ning kiritilishi munosabati bilan qamoq tariqasidagi jinoiy jazo bekor qilinadi.
Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlab turish, qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llash, dastlabki tergov, shuningdek fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddatlari qisqartirilmoqda", dedi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Shuhrat Mamajonov.