TOShKENT, 26 fev — Sputnik. "Yangi hayot" mahalla fuqarolar yig‘inida uyma-uy yurish usulida veterinariya mutaxassislari tomonidan olib borilgan o‘rganish davomida yirik shoxli va mayda shoxli qoramollar orasida oqsil kasalligi belgilari aniqlanmadi. O‘rganilgan xonadonlarda qoramollardan laboratoriya tekshiruvlari uchun namunalar olindi, deb xabar qildi FVV matbuot-xizmati.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, Qishloq va suv xo‘jaligi davlat veterinariya Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Oqqiev boshchiligida bir guruh veterinariya mutaxassislari Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va "Yangi hayot" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi hamrohligida joyiga chiqqan holda epizootik vaziyatni o‘rganib chiqishdi.
Shu hududda istiqomat qiluvchi xonadonida qoramollari bor fuqarolar bilan suhbatlashilganda, qoramollarni oqsil kasalligi bilan kasallanganligi va nobud bo‘lganligi bo‘yicha umuman xabarlari yo‘qligi aniqlandi.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi davlat veterinariya Bosh boshqarmasi tomonidan 2016-yilda 4,5 mln doza miqdorida oqsil kasalligiga qarshi emlama sotib olingan va respublikaning bufer hududlaridagi barcha yirik shoxli qoramollar emlangan, deb ta’kidlab o‘tgan FVV.
"Hozirgi kunda respublika hududida epizootik vaziyat o‘zgarishsiz va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q", — deyiladi xabarda.