Abdulla Oripov haqida do‘sti: bunday insonlar 500-yilda bir dunyoga keladilar

© Sputnik / Pogorelchenko / Mediabankka o‘tishShoir Abdulla Oripov
Shoir Abdulla Oripov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Abdulla Oripov og‘ir kasallikdan so‘ng 75 yoshida vafot etdi, O‘zbekiston xalq shoiri bilan vidolashuv 8-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi

TOShKENT, 7 noya — Sputnik. O‘zbekiston xalq shoiri, davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi.

Marhum shoir haqida Abdulla Oripovning do‘stlaridan biri, shoirning deyarli so‘nggi kunlarigacha uning yonida bo‘lgan "Favvora film" kinostudiyasi asoschisi, produser va rejissor Keldiyor Xo‘jayorov Sputnik O‘zbekiston muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.

"Abdulla Oripov buyuk shoir, so‘z ustasi bo‘lib, zamonaviy o‘zbek adabiyotida o‘zidan yorqin iz qoldirdi. U vatanparvar edi, o‘z yurtini judayam sevar va vatan taqdiri uchun qattiq qayg‘urardi. Uning o‘z xalqi va vataniga bo‘lgan muhabbati uning asarlarida o‘z ifodasini topgan", — deydi shoirning do‘sti.

Abdulla Oripov - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov vafot etdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, ular uzoq yillardan buyon qadrdon bo‘lib, deyarli har hafta uchrashib turishardi.

"Biz ikkimiz ham Qashqadaryoning Koson tumanidanmiz, faqat qo‘shni qishloqlardanmiz. Biroq bu bizning ota-onalarimiz oilaviy qadrdon bo‘lishlariga xalal bermagan. Biz tez-tez oilaviy bordi-keldi qilib turardik. To‘g‘ri, men bo‘lajak shoir bilan qishloqda ko‘risha olmaganman. Men u kishidan 14 yosh kichikman va u maktabni bitiriboq, oliygohda o‘qish uchun qishloqdan poytaxtga ketgan", — eslaydi rejissor.

Abdulla Oripov Keldiyor Xo‘jayorov uchun do‘stdan ham yaqinroq inson. Ularni ko‘p narsa birlashtirib turardi. Shuning uchun ham u shoir vafotidan qattiq iztirobda.

"U men uchun aka, hammaslak, qadrdon edi. Bunday insonlar 500-yilda bir marta dunyoga keladilar. U ham adabiyotimizda xuddi 1441-yilda dunyoga kelgan Alisher Navoiy kabi iz qoldirdi. 1941-yilda, roppa-rosa besh yuz yildan so‘ng Abdulla Oripov dunyoga kelgan va bu tasodif emas", — deydi suhbatdoshimiz.

Xo‘jayorov o‘tgan yili shoirga bag‘ishlangan videofilmni suratga olishni boshlagan. Unda Abdulla Oripov o‘z she’rlarini o‘qiydi, adabiyot va she’riyat haqida fikr bildiradi. Bu yil rejissor Oripov haqidagi turkum filmimning yana ikki qismini suratga oldi. Uning aytishicha, bunga shoirni ko‘ndirish juda qiyin bo‘lgan.

"O‘zbekistonda o‘zbek ijodkorlariga bag‘ishlangan filmlar juda kam suratga olingan. Shuning uchun ham men mana shu ishga qo‘l urgandim. Shoirning kamtarligi bois uni bunga ko‘ndirish juda qiyin bo‘ldi. Tez orada videofilmning yana bir qismini yakuniga yetkazamiz. Menimcha, bu bilan cheklanib qolmaslik kerak. Abdulla Oripov haqida ko‘plab filmlar ishlash mumkin, chunki uning shaxsiyati va ijodi cheksiz ummon kabi", — ta’kidlaydi Xo‘jayorov.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov - Sputnik O‘zbekiston
"Shundoq yonimizdan o‘tdi Mangulik": Abdulla Oripov Islom Karimov xotirasiga atab she’r bitdi

U Oripov umrining so‘nggi kunlariga qadar bekor o‘tirmagani, nafaqat she’rlar, balki ocherklar yozganini ta’kidladi. Uning so‘nggi ijod namunalaridan biri O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga bag‘ishlangan.

"Bugun biz chuqur qayg‘udamiz, buyuk inson va shoir Abdulla Oripov olamdan o‘tdi. Uning ismi o‘zbek xalqi xotirasida abadiy saqlanib qoladi, uning ijodiy merosi esa jahon adabiyoti xazinasidan joy oladi. Bu biz uchun ulkan musibat bo‘ldi", — deydi Xo‘jayorov.

Abdulla Oripov xalq, ona vatan va ularga bo‘lgan muhabbat haqida ko‘plab asar va dostonlar bitgan. U shuningdek, Dante Aligyeri, Nikolay Nekrasov, Lesya Ukrainka, Taras Shevchenko, Qaysin Quliyev va boshqa ko‘plab jahon adabiyoti darg‘alarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Uning ijodi – zamonaviy o‘zbek adabiyotining yorqin sahifalaridan biridir. Abdulla Oripovga 1998-yilda "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni berilgan.

Yangiliklar lentasi
0