TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Ashxobod shahrida Ravon brendi ostida chiqarilayotgan o‘zbek avtomobillari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar berdi.
Taqdimot "O‘zAvtoSanoat" AJ va "Turkmaniston" davlat savdo markazi hamkorligidagi "Turkman-O‘zAVTO" xo‘jalik jamiyati tomonidan tashkil etildi.
Taqdimot marosimida yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchi "GM Uzbekistan" AJ, Isuzu yuk mashinalari va avtobuslari ishlab chiqaruvchi "SamAvto" MChJ korxonalari rasmiy vakillari ishtirok etdilar. Taqdimotda shuningdek, avtomobilsozlik sohasi vakillari, diplomatik muassasalar rahbarlari va avtoishqibozlar ham qatnashdilar.
Marosimda Ravon Gentra, Ravon Nexia R3 va Ravon R4 modellari namoyish etildi. Ishlab chiqaruvchi kompaniya vakili avtomobillar jahon standarti va ekologik talablarga javob berishini, konditsioner, rul gidrokuchaytirgichi bilan jihozlangani, tejamkor ekanligini bildirdi.
Taqdimotda shuningdek, qishloq xo‘jaligi, qurilish, kommunal xizmatlar sohalari uchun mo‘ljallangan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtotexnikalar ham namoyish etildi.
"Turkman-O‘z AVTO" xo‘jalik jamiyati "GM Uzbekistan" AJning distribyutori hisoblanadi. O‘tgan 10-yillik faoliyati davomida jamiyat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ikki mingga yaqin Chevrolet va Uz-Daewoo avtomobillarini sotgan.