TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Poytaxtda 33 yoshli shaxs 8 yoshli qizchani zo‘rlamoqchi bo‘ldi, deb yozadi "Podrobno.uz" Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatiga asoslanib.
20 fevral kuni noma’lum shaxs Olmazor tumani Sebzor mavzesida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi yonidan o‘tib ketayotib, sakkiz yoshli qizni ko‘rib to‘xtaydi. U Umidani (ismi o‘zgartirilgan) velosipediga mindirib aylantirishni taklif qiladi.
U Umidani Sebzor mavzesidagi 3-a uyning 1-yo‘lagi oldiga chalg‘itib olib borib, ushbu ko‘p qavatli uyning 9-qavati chordoq qismiga olib chiqqan. Qizaloqning nomusga tegish maqsadida uning egnidagi kiyimlarini yechishga uringan. Bundan qo‘rqib ketgan Umida baqira boshlagach, maqsadiga yeta olmagan shaxs qochib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, jinoyatni sodir etishda gumonlangan shaxs tumanning Qora-qamish dahasida qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, bu jinoyatni sodir etishga uringan fuqaro 1984-yilda tug‘ilgan Qo‘shmurod Bobomurodov bo‘lgan.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi fuqarolardan suratdagi shaxsning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan ma’lumotlar bo‘lsa, hududiy Ichki ishlar boshqarmalari yoki 102 raqamiga xabar berishlarini so‘ramoqda.