Mirziyoyev Qashqadaryoda ishga tushiriladigan yangi loyihalar bilan tanishdi

© AFP / POOL / Anvar Ilyasov Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Prezident Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida yangi qurilayotgan obyektlar, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan ishlab chiqarish korxonalari loyihalarini ko‘zdan kechirdi

TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida yangi qurilayotgan obyektlar, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan ishlab chiqarish korxonalari loyihalarini ko‘zdan kechirdi, deb yozadi uz24.uz.

Prezident Qarshi tumanida yengil sanoatni rivojlantirish borasidagi yangi loyihalar bilan tanishdi.

Birinchi loyiha — 2017-2019 yillarda viloyatda yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxonalarni tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha manzilli dastur bo‘lib, unda 17 korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Dastur doirasida 3000 ga yaqin ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur korxonaning ishga tushirilishi hududda yetishtirilayotgan paxta tolasini shu yerning o‘zida qayta ishlash, aholining real daromadlarini oshirish imkoniyatini yaratadi. Yiliga 22 ming tonna raqobatbardosh aralash ip kalava va 50 million kvadrat metr ip gazlama ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan korxona mahsulotlarining 80 foizi eksportga yo‘naltiriladi.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, Yakkabog‘ tumanidagi sobiq "Yakkabog‘ teks" korxonasi negizida barpo etilayotgan "Universal Taraqqiyot Tekstil" qo‘shma korxonasiga qo‘shimcha investitsiya kiritish loyihasi bilan ham tanishdi.

Korxonada viloyatda yetishtirilgan paxta tolasi qayta ishlanib, mato va choyshablar ishlab chiqariladi. 400 ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilayotgan korxona to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 6 million kvadrat metr mato, 2 million juft yotoq choyshablari tayyorlanadi.

Qarshi shahridagi sobiq paxta tozalash zavodi negizida tashkil etilayotgan "Wood Décor Production" qo‘shma korxonasi zamonaviy va energiya tejamkor texnologik uskunalar bilan jihozlanmoqda.

Shveysariyaning mashhur "Rieter", Yaponiyaning "Murata", "Yamata", Germaniyaning "Mayer" kompaniyalarining yuqori samaradorlikka ega dastgohlari o‘rnatilayotgan korxonada dunyo bozorida raqobatbardosh sifatli ip kalavadan tortib tayyor mahsulotgacha ishlab chiqariladi.

Prezident taqdim etilayotgan loyiha samaradorligini oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev xalq bilan muloqot qilish maqsadida Qashqadaryoga tashrif buyurdi

G‘uzor tumanidagi sobiq paxta tozalash korxonasi negizida gazlama ishlab chiqarishga mo‘ljallangan investitsiya loyihasi bilan tanishar ekan, davlat rahbari yangi ish o‘rinlari yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Loyiha ishga tushgach 600 ish o‘rni yaratiladi.

Paxta ekin maydonlarini optimallashtirilishi va ishning mavsumiyligini hisobga olib, "O‘zpaxtasanoateksport" xolding kompaniyasi tizimda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad olish maqsadida Qashqadaryo viloyatidagi yog‘-moy korxonalarining bo‘sh maydonlarida yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqda.

Koson tumanida tashkil etiladigan meva-sabavotlarni quritish sexi shulardan biri. 100 dan ziyod ish o‘rni yaratiladigan korxonada 10 ming tonna mahsulot qayta ishlanadi. Qarshi shahrida tashkil etiladigan muzlatkichda 500 tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari saqlanadi. O‘n ish o‘rni yaratilayotgan omborxona joriy yilda foydalanishga topshiriladi.

Prezidentga Qarshi tumanida tashkil etiladigan 20 ming parranda boqish rejalashtirilayotgan majmua loyihasi haqida ham so‘zlab berildi. Yil davomida aholini sifatli parhez go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashga mo‘ljallangan majmua faoliyat boshlagach 22 kishi doimiy ish joyiga ega bo‘ladi.

Yangiliklar lentasi
0