TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, "Farg‘onaazot" korxonasi atrofida joylashgan uylarda istiqomat qiluvchi aholiga zarar yetmagan, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga Farg‘ona viloyat hokimligidagi manba.
Hozirda voqea joyida maxsus hukumat komissiyasi hamda eng kuchli mutaxassislar ish olib borishmoqda.
"Aniq ma’lumotlar faqat shtabda mavjud. Shuning uchun hozir necha kishi halok bo‘lgani haqida aniq ma’lumot berish qiyin. Halok bo‘lganlarning barchasi korxonada ta’mirlash ishlarini olib borayotgan ishchilar bo‘lgan, atrof-muhitning zararlanishi qayd etilmagan. Qutqaruv xizmati tezkorlik bilan ish olib bordi, u yerda bir necha bosqichli himoya tizimi mavjud, korxonaning o‘z qutqaruv xizmati ham bor", — dedi hokimlikdagi manba.
Eslatib o‘tamiz, 23-fevral kuni Farg‘ona shahridagi "Farg‘onaazot" korxonasidagi ammiak sexida ta’mirlash-montaj ishlari olib borilayotgan vaqtda portlash yuz berdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, portlash oqibatida qurbon bo‘lganlar bor, lekin ularning soni aytilmagan.
Hodisani o‘rganish bo‘yicha maxsus hukumat komissiyasi tashkil etildi.