TOShKENT, 23 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida tadbirkorlik sohasiga alohida to‘xtalib o‘tgan edi.
Aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni hayotga tatbiq etishda jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar ham faol ishtirok etmoqda, deb yozgan "Jahon" AA.
Nashr xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi a’zolari Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida qishloq xotin-qizlarini oilaviy tadbirkorlikka jalb etish, tomorqa xo‘jaligidan unumli foydalanishga qaratilgan tadbirda ishtirok etgan.
Partiya faollari tashabbusi bilan tumandagi "Xolmo‘minov Zohid" fermer xo‘jaligi rahbari Sharofat Noriyevaning xonadonida o‘tkazilgan ko‘rgazmali o‘quv-seminarda kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan qizlar, uy bekalari ishtirok etdi.
Partiya tomonidan 2016-yilda o‘tkazilgan "Ishbilarmon ayol" ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida ikkinchi o‘rinni egallagan Sharofat Noriyeva seminar ishtirokchilarini o‘zining fermerlik faoliyati bilan tanishtirgan.
"Sharofat opa rahbarlik qilayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida g‘alla, ismaloq, gul, archa ko‘chati, terak parvarishlanmoqda. Germaniya va Polshadan keltirilgan 20 bosh zotdor qoramol boqilmoqda. 8 kishi mehnat qilayotgan xo‘jalikning sof daromadi o‘tgan yili 165 million so‘mni tashkil etdi", — deyiladi xabarda.
"Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirish ekanini ko‘plab tadbirkorlarning hayoti ko‘rsatib turibdi, — deydi fermer. — Ana shu imkoniyatdan foydalanib, bu yil qoramollar sonini 50 boshga yetkazib, kuniga bir tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega sex qurishni niyat qilganmiz. 80 sotixlik issiqxonamizni ham kengaytiramiz. Bu ishlarni amalga oshirish uchun mablag‘imiz yetarli, kamiga bank kreditidan foydalanamiz".
"Mahalliy hokimliklar, xotin-qizlar qo‘mitalari va banklar bilan hamkorlikda ushbu o‘quv-seminarni o‘tkazishdan maqsad qishloq xotin-qizlariga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishida ko‘maklashish. Qishloq va mahallalarda aholi bilan muloqot o‘tkazish jarayonida tadbirkorlikka qiziqqan, o‘z imkoniyatini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarni o‘quv-seminarga taklif etmoqdamiz. Ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishga qaratilgan o‘quv jarayonida faol va ishbilarmon ayollar tadbirkorlikka yo‘naltirilmoqda", — deb ta’kidlagan partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Akromova.