TOShKENT, 23 fev — Sputnik. G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti rektori V.I.Grishin oliygohning Toshkentdagi filialini rivojlantirishdagi ulkan hissasi uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlantirildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot-xizmati.
Xabarga ko‘ra, 19-21 fevral kunlari O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari M.Karimov Moskva shahridagi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining 110-yillik yubileyida ishtirok etgan.
Tadbirda O‘zbekiston-Rossiyaning ta’lim sohasidagi hamkorligini rivojlantirishda ikki davlat oliy ta’lim muassasalari aloqalarini kengaytirishdagi hamda respublikaning iqtisodiy va moliya sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashdagi ulkan hissasi, shuningdek, universitet tashkil topganining 110-yillik yubileyi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17 fevraldagi "V.I.Grishinni "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlash haqida"gi PF-4959-sonli farmoni va tabrigi o‘qib eshittirilgan.
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari M.Karimov G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti rektori V.I.Grishinga O‘zbekiston prezidenti nomidan "Do‘stlik" ordeni va qimmatbaho sovg‘alarni topshirgan.