TOShKENT, 22 fev — Sputnik. 26 maydan 28-mayga qadar Buxoro shahrida "Ipak va ziravorlar" XVI festivali bo‘lib o‘tadi. Har yili tashkil etiladigan festival doirasida turli xil tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar qilgan NAESMI.
Xabarga ko‘ra, shaharning tarixiy qismida joylashgan oziq-ovqat yarmarkasida tadbirkor va mutaxassislar o‘z ziravorlarini namoyish etishadi.
Qo‘chqor va xo‘roz urushtirish, dorda yurish kabi xalq o‘yinlari ham tashkil qilinadi.
"Palov sayli" respublika viloyatlarining eng mohir oshpazlarini jamlaydi.
"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati hamda "Hunarmand" uyushmasi tomonidan yosh dizaynerlarning atlas va adrasdan tayyorlangan kiyimlari ko‘rgazmasi tashkil qilinadi.
Shuningdek, mamlakatning turli hududlaridan tashrif buyurgan folklor jamoalari konsertlari hamda mashhur va yosh san’atkorlar ishtirokida gala-konsert o‘tkazilishi mo‘ljallangan.