TOShKENT, 21 fev — Sputnik. O‘zbekistonda turizm sohasiga bag‘ishlangan "Turizm" gazetasining ilk soni nashrdan chiqdi, deb xabar bermoqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi.
Hozircha oyda ikki marta chop etiladigan gazeta o‘zbek tilida bo‘lib, undan O‘zbekistonning turizm salohiyati, yangi rivojlanib borayotgan turizm turlari, olim va mutaxassislar mulohazalari o‘rin olgan.
Shuningdek, O‘zbekistonda bo‘lgan chet ellik sayyohlar taassurotlari, mamlakat tabiiy va madaniy boyliklari, tarixiy me’moriy obidalar va jahon turizmi bilan bog‘liq statistik ma’lumotlar ham berib boriladi.
Tahririyat ushbu sohaga qiziquvchi, gazeta sahifalarida o‘z maqolalari chop etilishini istaganlarni hamkorlikka chorlaydi.