TOShKENT, 20 fev – Sputnik. Internetda va OAVlarda tarqalgan videolavhaga ko‘ra, Kim Chen Nam Malayziya aeroportida chiptani avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish qurilmasi yonida to‘xtaydi. Shu vaqt orqa tomondan unga ikki ayol yaqinlashib keladi. Bir vaqtning o‘zida ulardan biri uning o‘ng qo‘lini mahkam tutib oladi ikkinchi ayol esa Namning chap qo‘lini ushlaydi va og‘iz-burniga qandaydir matoni bir necha soniyaga bosib turadi.
Shundan keyin ayollar tezda g‘oyib bo‘lishadi. Kim Chen Nam aeroport xavfsizlik xizmati va ma’lumotlar stoliga borib unga hujum qilishganini aytadi va hushidan ketib yiqiladi. Yetib kelgan tez yordam uni kasalxonaga olib boradi, lekin unga hech kim yordam bera olmaydi. Hidlangan zahardan uning yuragi to‘xtaydi va u vafot etadi.
Janubiy Koreya ushbu qotillikda Shimoliy Koreya maxsus xizmatlarini ayblamoqda. Ushbu ish yuzasida Malayziya politsiyasi bir necha kishini, jumladan qotillikni amalga oshirgan ikki ayolni ham qo‘lga olgan.
Ayollardan biri Siti Aysisa nomli Indoneziya fuqarosi bo‘lib, u politsiyaga ushbu ishni u “hazil teleko‘rsatuvi” doirasida amalga oshirayapman deb o‘ylagan. Unga shunday deb tushuntirishgan va buning uchun pul to‘lashgan.
Eslatib o‘tamiz, Kim Chen Nam, Kim Chen Inning o‘gay akasidir. Ularning onalari boshqa. Kim Chen Nam bir necha yil oldin Shimoliy Koreyani tark etgan va Singapur, Gonkong va Makao shaharlarida yashab kelgan. U bir necha bor Shimoliy Koreyadagi dinastiya boshqaruvini qattiq tanqid ostiga olgan edi.