TOShKENT, 18 fev — Sputnik. Lola Karimova-Tillayeva Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida buyuk o‘zbek yozuvchisi Usmon Nosir haqida post e’lon qildi.
"Bugungi postimni noyob iqtidor sohibi, XX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyondalaridan biri, lirikasi hali hanuzgacha milliy she’riyatimizning eng sara durdonalaridan sanalib keluvchi Usmon Nosirga bahshida etmoqchiman.
Usmon Nosir 1912-yil 13-noyabr kuni Namanganda tavallud topgan va uning bolalik va o‘smirlik yillari yetimxonada o‘tgan. Shoir adabiyotdagi ilk qadamlarini juda erta boshlagan bo‘lib, maktab chog‘laridayoq uning ilk she’rlari bir qator mahalliy davriy nashrlarda chop etilgan.
Usmon Nosir nafaqat shoir, balki dramaturg va tarjimon sifatida ham shuhrat qozongan. Shoir Aleksandr Pushkinning "Baxchisaroy fontani" va Mixail Lermontovning "Iblis" nomli asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Endigina 25 yoshni qarshi olib, ijodiy faoliyati gurkiragan bir paytda, adib "kontrrevolyutsion faoliyatda" ayblanib, sovet davlatining qatag‘on siyosati qurboniga aylangan. Shoir 1937-yili uzoq muddatli qamoq jazosiga mahkum etilib, 1944-yilda Kemerovo oblastining Mariin tumanidagi lagerlardan birida 31 yoshida hayotdan ko‘z yumgan…
Usmon Nosir, umri qisqa bo‘lishiga qaramay, halqimiz tarixi va yuragida o‘zbek ijodiyotining eng yorqin va mukammal durdonalaridan hisoblanmish asarlari bilan o‘chmas iz qoldirdi".