TOShKENT, 11 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining kichik qizi, Lola Karimova o‘zining o‘zbek millatiga mansub ekanligi bilan mag‘rurlanib, irqchilik va millatchilkni "vahshiy" hislar deb atadi.
Bu haqida Lola Karimova o‘zining Instagram sahifasida shunday yozadi (tahririyat tarjimasi):
"lola_tillyaeva… Odamlar tez-tez mening, turmush o‘rtog‘imning va bolalarimning millati nima ekanligi bilan qiziqayotganini, bizning qay birimiz, kim tomonidan qanchalik o‘zbek ekanligimizga baho berayotganini eshitaman. Bu savolda, men o‘rganib qolgan, havasaki qiziquvchanlik bilan bir qatorda, men uchun butunlay yot bo‘lgan, vahshiy xususiyat — millatchilik alomatlari ham bor. XXI asrda bunday savol berishning o‘zi nodonlik.
Ko‘pchilik qiziqayotgan ushbu savolga javob berishga qaror qildim. Mening javobim shunday:
Men, o‘zbek ekanligimdan, mag‘rurlanaman.
O‘z davrimning va o‘z millatimning mahsuliman. Qanday?
• Ikkinchi Jahon urushi vaqtida va undan keyin o‘nlab millat vakillarini, o‘z jigarbandlaridek kutib olgan mana shu Yer va unda yashayotgan millat vakiliman;
• Orasida hech qachon irqchilar bo‘lmagan, boshqa millatlarga ko‘ngli ochiq bo‘lgan, ular bilan foyda asosida emas, sevgi asosida turmush qurgan millat vakiliman. Belorussiyalik qizga uylangan mening Farg‘onalik o‘zbek bobom kabi. Ularning hayoti oson kechmagan, lekin juda qiziq bo‘lgan. Ular birgalikda ochlik, sovuq va yo‘qotishlarni boshdan kechirgan bo‘lsada, o‘zaro sevgi va hurmatni yo‘qotmagan. Urushdan bir necha yil o‘tib mening bobom buvimni kichik qizchasi (mening onam) bilan birga o‘z ona yeri — Quvasoyga olib kelgan. Buvim o‘z onasi va singlisini ham birga olib kelgan. Ular Vodiyda bir umr yashab, o‘sha yerdagi nasroniylar mozoriga ko‘milgan. Uning yonginasidagi musulmon mozorida esa, mening bobom – Akbar Sultonovich ko‘milgan. Ushbu ikki qabriston bir tepalik ustida joylashgan, ularning orasi juda yaqin. U yerdan mening bolaligim shahri – kichkina yam-yashil Quvasoyga juda chiroyli ko‘rinish ochiladi.
Ularning hammasi — hozir o‘sha yerda, birga…
• Men o‘zimni, boshqalarga doimo hurmat va do‘stona nigoh bilan qaragan millat vakili deb bilaman. Asrlar davomida Buyuk Ipak Yo‘li chorrahasida yashagan millatdan boshqa qanaqa munosobat kutish mumkin;
•Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Qo‘qon, Farg‘ona kabi shaharlarni barpo qilgan va o‘zining yaratuvchanlik ruhi bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan millat vakiliman;"