TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Joriy yilning oxiricha Toshkentdagi har bir oilaviy poliklinikaga to‘rt donadan "Damas" avtomobili beriladi, dedi Yashnobod tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Galina Turmanova.
Bugungi kunda yetarlicha transport vositalari mavjud bo‘lmaganligi bois Toshkentdagi tibbiyot muassasalaridagi shifokorlar bemorlarning uylariga o‘z vaqtida yetib bora olishmayapti.
"Shu yilning oxiriga qadar 60ta oilaviy poliklinikaga to‘rttadan "Damas" avtomobili beriladi. Jami 240 dona avtomobil. Transport texnikalari ikki bosqichda — ikkitadan avtomobil yilning birinchi yarmida, qolgan ikkitasi ikkinchi yarmida beriladi. Ekspertlarning fikricha, bu aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini sezilarli darajada yaxshilaydi, shifokorlar kunning istalgan vaqtida chaqiruv bo‘yicha bemorning xonadoniga bora olishadi", — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini keskin tanqid qilgandi. Bunga javoban sog‘liqni saqlash vaziri muammolarni hal qilish uchun chora-tadbirlar ko‘rilishini bildirgandi.