TOShKENT, 17 fev — Sputnik. O‘zbekistonda 1-martdan boshlab chakana savdo va pulli xizmat ko‘rsatish sohasida terminalsiz faoliyat yuritish Prezident qarori bilan taqiqlandi, biroq dehqon bozorlaridagi sotuvchilar terminalsiz faoliyat yuritishlari mumkin. Bu haqda nuz.uz nashri xabar bermoqda.
Nashrning Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga asoslanib xabar berishicha, O‘zbekiston prezidentining 15-fevraldagi qarori faqat ko‘chmas savdo nuqtalariga daxldor bo‘lib, dehqon bozorlaridagi sotuvchilar 1-martdan keyin ham terminalsiz faoliyat yuritishi mumkin.
Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Muzaffar Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, dehqon bozorlari savdo qatorlari hisoblanadi.
"Prezident tomonidan imzolangan hujjat faqat ko‘chmas savdo nuqtalari — oziq-ovqat va buyum do‘konlari, jumladan, bozorlardagi do‘konlar, savdo shoxobchalari, bekatlardagi Paynet shoxobchalari, qahvaxonalar, sartaroshxonalar va hokazolarga taalluqlidir", deydi u.