TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Buyuk Britaniya joriy yilda O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 500 ming dollardan ortiq mablag‘ ajratadi deb ma’lum qildi Toshkentdagi matbuot anjumanida elchi Kristofer Allan.
Bu mablag‘lar O‘zbekiston hukumatini iqtisodiy islohotlar o‘tkazish, ularning shaffofligi va javobgarligini ta’minlash hamda jinoiy sudlovni isloh qilishda qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
"Biz prezident Mirziyoyevning keng miqyosli islohotlar dasturi O‘zbekiston uchun ajoyib imkoniyatlar eshigini ochadi, degan fikrdamiz. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari ser Alan Dunkan prezident bilan dekabrdagi uchrashuvi chog‘ida Buyuk Britaniya bu boradagi harakatlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi. Biz O‘zbekistonning biznes muhitni yaxshilash, korrupsiyaga barham berish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishga bo‘lgan harakatlarini muhim va ijobiy deb hisoblaymiz", — dedi britaniyalik diplomat.
Bunda, uning fikricha, respublika hukumati xalq bilan internet portal va boshqa vositalar orqali muloqotga kirishish orqali sezilarli o‘zgarishlar qilishga muvaffaq bo‘ldi va bu o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
Kristofer Allan o‘z chiqishida inson huquqlari mavzusiga alohida to‘xtalib o‘tdi. U bugungi kunda Buyuk Britaniya ham O‘zbekiston kabi inson huquqlari bo‘yicha ko‘plab xalqaro konvensiyalar ishtirokchisi ekanligini qayd etdi. Shu sababli, elchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining jinoiy sudlov sohasini takomillashtirishga bo‘lgan intilishi o‘ta muhim tashabbusdir. Britaniya shuningdek, O‘zbekiston hukumatining milliy harakatlar rejasi va BMTning oxirgi davriy ma’lumotnomasida berilgan tavsiyalarni qabul qilish borasidagi olg‘a siljishini olqishlaydi.
"Inson huquqlariga oid masalalar muhokamasi Buyuk Britaniyaning butun dunyodagi mamlakatlar bilan munosabatlarining muhim qismidir. Bizningcha, har bir mamlakatda, Buyuk Britaniyada ham, rivojlanish uchun imkoniyatlar mavjud va bu borada tajriba almashish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli biz inson huquqlari masalalari bo‘yicha O‘zbekistondagi hukumat va nodavlat tashkilotlari bilan uzviy hamkorlik qilishda davom etamiz", — dedi diplomat.
Buyuk Britaniya tajriba va bilimlari yoki O‘zbekiston muassasalari salohiyatini oshirishni moliyaviy ta’minlash orqali mazkur islohotlarni o‘z imkoniyat doirasida qo‘llab-quvvatlashdan mamnun bo‘ladi, deb qo‘shib qo‘ydi Kristofer Allan.