TOShKENT, 17 fev — Sputnik. O‘zbekiston IIV rasmiy saytida Olmaliq shahrida talonchi qo‘lga olingani haqida xabar berildi.
"Toshkent viloyati Olmaliq shahar ichki ishlar bo‘limiga 1970-yilda tug‘ilgan fuqaro murojaat qilgan va 3 noma’lum shaxs Oydin dahasi hududida o‘g‘li — Akademik litseyning 2-sinf o‘quvchisini kuch ishlatish yo‘li bilan qo‘rqitib, qo‘lidan iPhone va Samsung mobil telefonlarini tortib olgani va voqea joyidan yashiringanini ma’lum qilgan", — deyiladi xabarda.
Shahar Ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu talonchilikni Olmaliqda yashovchi ikki nafar — 1998-yilda tug‘ilgan va bir nafar 1996-yilda tug‘ilgan shaxslar sodir etgani to‘liq fosh etilgan va ular qo‘lga olingan.
Vazirlik matbuot xizmati axborot so‘ngida ota-onalarga murojaat qilgan:
"Jinoyat sodir etganlar qonun oldida qilmishiga yarasha javob berishi aniq, biroq ota-onalar farzandlariga qimmat (bir emas, ikkita) telefon olib bermaganida, balki jinoyat sodir bo‘lmasmidi… O‘g‘lining ham xalovati buzilmasdi".