TOShKENT, 16 fev — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin xorijdagi Rossiya diplomatlari xavfsizligini kuchaytirishga chaqirdi, deb xabar qildi RIA Novosti.
Putin payshanba kuni Federal Xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari bilan uchrashuvda Rossiyaning Turkiyadagi elchisi — Andrey Karlovning o‘ldirilishi munosabati bilan chet eldagi Rossiya vakolatxonalari ishchilari xavfsizligini kuchaytirish kerakligi haqida gapirgan.
Eslatib o‘tamiz, 19-dekabr kuni Anqaradagi Zamonaviy san’at markazida Rossiya elchisi Andrey Karlovga suiqasd uyushtirilgan edi. Havfsizlik xizmati xodimi ko‘rgazma ochilish marosimida so‘zlayotgan Rossiya elchisiga to‘pponchadan bir necha marta o‘q uzadi. Elchi Andrey Karlov og‘ir yaralanib, ko‘rsatilgan tezkor yordamga qaramasdan, kasalxona yo‘lida vafot etadi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ro‘y bergan hodisani terakt sifatida baholadi. Rossiya Tergov qo‘mitasi "xalqaro terrorchilik akti" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan edi.