TOShKENT, 16 fev — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha meyoriy hujjatlarni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari sohasida yagona texnika siyosati olib boriladi.
"Avtomobil yo‘llarini boshqarish bo‘yicha maxsus vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organi sifatida Davlat qo‘mitasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
— avtomobil yo‘llari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash;
— avtomobil yo‘llarining xalqaro tranzit yo‘laklarini shakllantirish;
— zamonaviy transport oqimi sharoitida avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning manfaatlarini hisobga olib, avtomobil yo‘llarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, ta’mirlash va ulardan foydalanish masalalari kompleks hal etilishini ta’minlash hamda buyurtmachi xizmatining samarali faoliyatini tashkil etish;
— xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarining, shaharlar, shahar posolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining mavjud tarmog‘i saqlanishini ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish, ulardan transportda foydalanish darajasi yuqori bo‘lishini ta’minlash;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash sohasidagi
— shaharsozlik normalari va qoidalari, sifat standartlariga rioya etilishini ta’minlash;
— avtomobil yo‘llari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, jumladan, chet ellarda o‘quv-amaliyot kurslari va seminarlar tashkil etish", — deyiladi hujjat matnida.