TOShKENT, 14 fev — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra "O‘zavtoyo‘l" avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tugatiladi.
Uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tashkil etiladi.
Farmon avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish va foydalanish jarayoniga kompleks yondashish asosida yo‘l xo‘jaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ularni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, loyihalashtirish va yo‘l-qurilish ishlari sifatini oshirish imkonini beradigan to‘laqonli buyurtmachi xizmatini yaratish maqsadida qabul qilindi.
"O‘zavtoyo‘l" DAK 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidentining farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tashkil qilingandi.
Ushbu kompaniya tashkiliy boshqaruv tuzilmasi asosan mamlakatdagi avtomobil yo‘llarining barcha tarmoqlari ehtiyojlarini to‘la ravishda qoplashni ta’minlashga qaratilgandi.