TOShKENT, 15 fev — Sputnik. O‘zbekiston va "Rostex" davlat korporatsiyasi fuqarolik yo‘nalishi bo‘yicha sanoatning yuqori texnologiya sohalarida hamkorlik qilish haqida memorandum imzolashni rejalashtirmoqda, dedi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda O‘zbekistonda metalni qayta ishlash stanoklari, uskunalar va texnologik jihozlarni keng turda ishlab chiqarish borasida tomonlar hamkorligi ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy tibbiyot uskunalari, jumladan kardiologik skrining tizimi, neonatal qurilmalar, chaqaloqlar uchun inkubatorlar, ingalyatsiya texnikasi, turli vaksina va dori vositalarini chiqarishga alohida e’tibor qaratish rejalashtirilgan.
"Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishiga ishonchimiz komil. O‘zbekiston "Rostex" davlat korporatsiyasidan o‘zaro loyihalarni moliyalashtirish va Rossiya moliya tashkilotlari — "Rossiya eksport markazi" va uning tarkibiga kiruvchi "Eskar" AJ va "Roseksimbank" AJning mablag‘lari jalb etiladigan shartnomalar borasida aniq takliflarni kutadi", — dedi Azimov.
Bugungi kunda Rossiya O‘zbekistonning eng yirik investitsion sherigi bo‘lib turibdi. 2015-yilda Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotiga 700 million dollar atrofida investitsiya kiritgan. 2016-yil bo‘yicha ma’lumotlar hozircha e’lon qilinmagan.
Birgina "Lukoyl" kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyati davomida kiritgan investitsiyalari 5,5 milliard dollardan, "VimpelKom" kompaniyasiniki 1 milliard dollardan ortiq bo‘ldi, "Gazprom" investitsiyalari miqdori 400 million dollarni tashkil etdi.