TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Rossiya va O‘zbekistonning mutasaddi tuzilmalari mart oxiriga qadar respublikaga Rossiya neftini yetkazib berishning samarali mexanizmini yaratish bo‘yicha takliflarini tayyorlaydi, deb xabar berdi RIA Novosti Rossiya energetika vaziri o‘rinbosari Kirill Molodsovning so‘zlariga tayanib.
"Biz "O‘zbekneftegaz" bilan hamkorlikda O‘zbekistonga neft yetkazib berish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishimiz lozim… O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish yo‘lini topamiz", — dedi u Toshkentda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlisi yakunlaridan kelib chiqib.
Molodsov SSSR davrida quvurlarning texnologik imkoniyati O‘zbekistonga yiliga 7-9 million tonna neft yetkazib berishga yetganini aytdi.
"Hozirda quvurlar tizimining texnik holati haqida aniq fikr aytish qiyin, chunki chegaralarimiz umumiy emas. Bu masalani Qozog‘iston bilan hal qilish lozim va shu yo‘nalishda ish olib boriladi", — dedi vazir o‘rinbosari.
Uning aytishicha, hozirda O‘zbekistonga neftni temir yo‘l transporti orqali yetkazib berish iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanadi, shuning uchun buning boshqa yo‘lini topishga to‘g‘ri keladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2012-yilga kelib O‘zbekistonda suyuq uglevodorod qazib olish 2,2 baravarga, xom neft qazib olish 2, baravarga kamaygan. Mavjud konlardagi zaxiralarning kamayishi sababli neft va gaz kondensati qazib olish pasaymoqda va bu neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Respublikadagi uchta — Buxoro, Farg‘ona va Oltiariq neftni qayta ishlash zavodlarining umumiy quvvati yiliga 11,12 million tonnani tashkil etadi, lekin ayni paytda ular 60% ishlab chiqarish quvvati bilan ishlamoqda. Natijada respublikada keyingi yillarda benzin va boshqa neft mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelmoqda.