TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Samarqandda o‘z farzandiga vaqtida pasport olib bermagan ota jarima to‘ladi, deb xabar qilmoqda "Zarafshon" nashri.
"Bu kabi holatlar tez-tez qulog‘imizga chalinmoqda. Yaqinda bir tanishim ham farzandi o‘z vaqtida fuqarolik pasporti olmaganligi uchun jarima to‘laganidan nolidi. Xo‘sh, ota-onalarning e’tirozi ne chog‘lik asosli?", — deb yozadi maqolada nashr muxbiri G‘olib Abdusalomov.
"O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasida voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmagan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilangan. Shunga asosan, farzandi 16 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, o‘z vaqtida fuqarolik pasporti olib berish choralarini ko‘rmaganligi uchun ota yoki ona ma’muriy javobgarlikka tortiladi", — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 5-yanvardagi "O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmonida birinchi marta pasport olayotgan shaxs 16 yoshga to‘lganidan keyin bir oydan kechiktirmasdan ma’lumotlarni yig‘ish punkitiga murojaat etishi shartligi belgilab qo‘yilgan.