TOShKENT, 27 apr — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 25-aprelda imzolagan "ayrim qonun hujjatlariga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi" qonuniga muvofiq pasport tizimidagi qoidabuzarliklar uchun jarima miqdori oshirildi, deyiladi Xalq so‘zi nashrida.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq, endilikda pasporti bo‘lishi shart bo‘lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi, shuningdek pasportni beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportning yo‘qolishi— eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan fuqarolarni, xuddi shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilish —
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima solinadi.
Fuqarolardan pasportlarini qonunga xilof ravishda olib qo‘yish yoki pasportlarni garovga olish — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.