TOShKENT, 14 fev — Sputnik. "Urganch-Xiva" temir yo‘l liniyasi qurilishi boshlandi, deb xabar bermoqda Xorazm viloyati hokimiyati matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-28 yanvar kunlari viloyatga tashrifi davomida loyihani amalga oshirish haqida topshiriq bergan.
Prezident tashrif davomida Urganchdan Xivaga temir yo‘l liniyasini o‘tkazish hamda Xiva shahrida zamonaviy vokzal qurish, shuningdek, elektropoyezdlar harakatini, kelajakda esa Afrosiyob tezurar poyezdi harakatini yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidlagan.
Temir yo‘lning ishga tushirilishi vohada yo‘lovchi va yuk tashish salohiyatini oshiradi hamda Xorazm va Xivaga kelayotgan sayyohlar oqimi bir necha barobarga ko‘payadi, deyiladi xabarda.