TOShKENT, 14 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiyaga rahbarlik qiladi, deb xabar bermoqda RIA Novosti davlat rahbarining farmoniga tayanib.
Shuningdek, strategiya yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha beshta komissiya rahbarlari va tarkiblari ham tasdiqlandi.
"Harakatlar strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining birlamchi vazifasi va bosh ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi", — deyiladi hujjatda.
Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, yillarga berilgan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi.
Prezident mamlakatni 2017-2021 yillarda rivojlantirish strategiyasini o‘tgan haftada tasdiqladi. Davlat rahbarining farmoniga ko‘ra strategiyani amalga oshirish bo‘yicha prezident boshchiligidagi milliy komissiya hamda besh ustuvor yo‘nalish — davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, tizimini isloh qilish, ijtimoiy sohada islohotlar o‘tkazish va tashqi siyosat tamoyillarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar tashkil etildi.
Harakatlar strategiyasi qabul qilinguniga qadar keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tdi. Jumladan, turli axborot maydonlariga joylashtirildi, Toshkent shahrida 23-27 yanvar kunlari maxsus media-haftalik va xalqaro davra suhbati tashkil etildi.