Shov-shuvli qaytish: "Bog‘larni soqov deb o‘ylardik bizlar, Sherali Jo‘rayev kuylamaganda..."

© https://www.facebook.com/photo.php?fbid=1313589658700071&set=a.515700351822343.1073741825.100001471495077&type=3&theaterSherali Jo‘rayev muxlislari davrasida
Sherali Jo‘rayev muxlislari davrasida - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Shoir Muhammad Ismoil 24-yillik tanaffus va ta’qiqdan so‘ng O‘zbekiston xalq artisti, hofiz Sherali Jo‘rayev teleekranlarga qaytgani haqida ma’lum qilib, unga bag‘ishlov e’lon qildi

TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. "24 yillik ixtiyorsiz tanaffus va ta’qiqdan so‘ng o‘zbek musiqa san’ati qiroli, O‘zbekiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi mukofot sovrindori, sevimli hofiz Sherali Jo‘rayev teleekranlarga qaytdi", — deb xabar qildi o‘zining facebookdagi sahifasida shoir Muhammad Ismoil.

Shoirga ko‘ra, O‘zbekiston milliy kanalida Sherali Jo‘rayev ijrosidagi klip va qo‘shiq efirga uzatilgan.

"Hofizning minglab muxlislarini, qo‘shiq shaydolarini ushbu xabar bilan muborakbod etamiz va chin yurakdan qutlab qolamiz. Mana haqiqiy san’at yana katta sahnaga qaytdi", — deb yozgan Muhammad Ismoil o‘z xabarida.

Shoir o‘z xabari so‘nggida Sherali Jo‘rayevga bag‘ishlovni e’lon qilgan.

Xudoyim o‘zingga behisob shukur,
Kuy degan narsani taratganing uchun.
Hofiz Sheralini o‘zga eldamas,
Aynan o‘zbek qilib yaratganing uchun.

Yaratding bog‘ degan mo‘’jizalarni,
Gullar yashnab yotar gulzor chamanda.
Bog‘larni soqov deb o‘ylardik bizlar,
Sherali Jo‘rayev kuylamaganda.

Aslida so‘z aytib yashaydi odam.
Asl qo‘shiq erur so‘zning ziynati
Aynan Sheralini qo‘shiqchi qilgan,
Ollohimning bizga buyuk ne’mati.

Oshiqlar gohida topolmaydi so‘z,
Qancha iztiroblar dilga keladi.
Bir og‘iz so‘zlolmay lol turganingda,
Sherning qo‘shiqlari tilga keladi.

Gohida Vatanni kuylaging kelar,
Goh onang poyiga urarkansan bosh,
Goh uzoq yo‘llarda yurganda yolg‘iz,
Sherning qo‘shiqlari bo‘ladi yo‘ldosh.

Mazlumlar, xo‘rlangan, xaqoratlangan
Yo‘lsizlar yo‘l topmay yurganda daydib,
O‘ziga do‘st topar, topadi taskin,
Sherning qo‘shiqlarin pichirlab aytib.

Senga sharaf bo‘lsin, senga shon bo‘lsin
Buyuk millatimning o‘g‘lonisan sen!
O‘zbekning nomini dunyoga yoygan,
Musiqa san’atin sultonisan sen!

Xudoyim o‘zingga behisob shukur,
Kuy degan narsani taratganing uchun.
Hofiz Sheralini o‘zga eldamas,
Aynan o‘zbek qilib yaratganing uchun.

Yangiliklar lentasi
0