TOShKENT, 10 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlarining o‘zaro hamkorlikka tayyorligi tufayli ikki mamlakat aholisi 25-yil kutgan Toshkent — Dushanbe — Toshkent aviareysi tiklandi, dedi "Somon Eyr" aviakompaniyasi rahbari Tomas Xalam RIA Novostiga.
Qizining to‘yida qatnashish uchun ilk reysda Toshkentga uchib kelgan Yokupxon Abdusolomova agentlikka bergan intervyusida ilgari bir nechta dovonlar va chegara postlaridan o‘tish, noqulayliklarga chidash, 10-12 soat yo‘l bosish lozim bo‘lganligini, endi esa bir soatda manzilga yetib kelganligini aytdi.
Juma kuni texnik reys amalga oshirilganiga qaramasdan Tojikiston aviatsiyasi delegatsiyasi va Dushanbe aeroporti rahbarlaridan tashqari 20 nafar yo‘lovchi ham uchib keldi.
Reja bo‘yicha doimiy reys 20-fevraldan yo‘lga qo‘yiladi. Dushanbedan Toshkentga "Somon Eyr" samolyotlari yozgi mavsum boshlanguniga qadar dushanba kunlari parvoz qiladi. Mart oxiridan boshlab reyslar dushanba va payshanba kunlari amalga oshirilishi kutilmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnov 1992-yilda, Tojikistonda fuqarolar urushi boshlanganidan so‘ng to‘xtab qolgandi. 2016-yil noyabrda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida tomonlar ikki davlat poytaxtlari orasida aviaqatnovlarni tiklash haqida protokol imzoladi.