TOShKENT, 30 noya — Sputnik. Tojikiston va O‘zbekiston ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha kelishuv imzoladi, deb xabar berdi Tojikiston transport vazirligi fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi matbuot xizmati.
"30 noyabr kuni ikki mamlakat transport vazirliklari tomonidan mazkur reysni tiklash haqidagi protokol imzolandi", — deyiladi xabarda.
Tojikiston aviatsiya muassasasi rahbari Yusuf Rahmon RIA Novostiga "mazkur bazaviy hujjat asosida hukumatlararo kelishuv imzolanishi va aviaqatnovlar tiklanishini" aytdi.
O‘z navbatida O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi davlat nazorat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Oleg Li O‘zbekiston va Tojikiston aviarahbariyatlari o‘rtasida muammolar yo‘qligini, aviatashuvchilar reyslarni amalga oshirishga kirishishlari uchun asosiy huquqiy baza tayyorlanganini bildirdi.
U shuningdek, qaror qabul qilinishida Tojikiston tomonining rolini ham qayd etib o‘tdi.
"Aynan Tojikiston aviarahbariyati tufayli biz bugun mana shunday o‘zaro manfaatli qarorga keldik. O‘zbekiston tomoni yanvardan Dushanbega parvozlarni amalga oshirishga tayyor", — dedi Li.
Agentlikning ma’lum qilishicha, 2017-yil yanvardan boshlab Dushanbe-Toshkent-Dushanbe aviareysi haftada ikki marta "Somon-Eyr" va "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnov 1992-yilda Tojikistonda fuqarolar urushi boshlanganidan so‘ng to‘xtab qolgandi.