TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi "STRAUS FARM" O‘zbekiston — Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasida mahalliy sharoitda tuyaqush boqish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni kunlarda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishilmoqda, deb xabar bergan vodiymedia.uz.
Ayni paytda bu yerda 120-150 kilogramm vaznga ega va yiliga 80-100 donadan jo‘ja ochadigan tuyaqushlar parvarishlanmoqda. Bahor oylaridan tuyaqush jo‘jalarini ochirish boshlanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tuyaqush 4-yilda reproduktiv yoshga yetadi va parrandachilikda bunday qushlar "Brider" deb yuritiladi. Ularning o‘rtacha tuxum qo‘yish yoshi 10-15 yil, zotdor tuyaqushlar 40-yil davomida tuxum qo‘yaveradi. Bitta tuyaqush 10-12 yil davomida qo‘ygan tuxumdan chiqqan jo‘ja go‘shti o‘rtacha 72 tonnaga yetishi mumkin. Tuyaqush boqishni yo‘lga qo‘yish oilalar uchun ham qulay va daromadli bizneslardan biridir.