TOSHKENT, 10 fev — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chet elga ish qidirib ketgan fuqarolarni aniqlash va qaytarish ishlari talab darajasida emasligini aytdi, deb xabar qilgan "Darakchi" nashri.
Prezident videoselektor davomida tizimda mavjud muammo va kamchiliklarga alohida toʻxtalar ekan, xorijdagi fuqarolarimizning aksariyati ishlash maqsadida yurtimizdan ketgan, lekin ularning ayrimlari turli diniy-ekstremistik oqimlar taʼsiriga tushib qolayotganligi tashvishli holat ekanligini qayd etdi.
"Chet elga ish qidirib ketgan fuqarolarni aniqlash va qaytarish, mahalla raislari, maʼnaviyat-maʼrifat markazlari, imom-xatiblar, diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilar bilan hamkorlikda aholi orasida diniy ekstremizmning salbiy oqibatlarini targʻib qilish borasidagi ishlar zamon talabi darajasida emas", degan Mirziyoyev.