TOSHKENT, 10 fev — Sputnik. Andijon viloyati Baliqchi tumanining jinoyat ishlari boʻyicha sudi Andijon viloyati IIB YHXB yoʻl-patrul xizmati inspektori, kichik serjantni 10 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Bu haqda "Na postu" gazetasiga tayangan holda kun.uz nashri xabar berdi.
Nashrda yozilishicha, Bunyodbek Qulmatov ismli inspektor oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan chogʻda "Lasseti" rusumli avtomashinada yoʻl harakati talablariga javob bermay, tezlikni oshirgan va oqibatda qarama-qarshi yoʻlga chiqib ketib "Neksiya" rusumli mashina bilan toʻqnashib ketgan.
Hodisa oqibatida "Neksiya" haydovchisi – Margʻilon shahridan boʻlgan I.Mirzajonov va Namangan viloyatining Norin tumanilik YO.Salimov vafot etgan.
Sud hukmi bilan Bunyodbek Qulmatov Oʻzbekiston Respublikasi JKning 266 moddasi uchinchi qismi "a" bandi bilan aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi, deyiladi xabarda.