TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Tizza bo‘g‘imi deformatsiyalanuvchi osteoartrozini davolash uchun qurilma ixtiro qilindi, deb xabar berilgan O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi rasmiy saytida.
"Bir guruh o‘zbek ixtirochilari tomonidan tizza bo‘g‘imi deformatsiyalanuvchi osteoartrozini davolashga mo‘ljallangan qurilma yaratildi. Ushbu qurilma ixtiro tibbiy texnika, travmatologiya, ortopediya, tizza bo‘g‘imining ravon bukilishi/yozilishini ta’minlaydigan fizioterapevtik qurilmalarda qo‘llaniladi", — deyilgan xabarda.
Olimlarning ko‘zlagan maqsadlari qurilmaning funksional imkoniyatlarini va undan foydalanishda qulayliklarni oshirishdan iborat bo‘lganligi ta’kidlangan.
Hammualiflar — Abdullajanov Baxrom, Rustamjonov Abdurashid, Madumarova Maxfuza, Axmadaliyeva Umidaxon va Axmedova Sevaraga ushbu foydali model ixtirosi uchun № FAP 01163 raqamli patent berilgan.