TOShKENT, 9 fev — Sputnik. AQShning Afg‘onistondagi harbiy kuchlari qo‘mondoni Rossiyani Tolibonni qo‘llab-quvvatlayotganlikda aybladi, deb xabar qildi RIA Novosti.
Jon Nikolsonga ko‘ra, Rossiya, Pokiston va Eron radikal "Tolibon" harakatini qo‘llab-quvvatlamoqda va bu bilan mamlakatdagi tinchlikka rahna solmoqda.
Moskva rasmiylari Afg‘onistondagi ichki mojarolarga aralashmasliklari haqida bir necha marotaba e’lon qilishgan hamda ushbu mamlakat vakillari bilan aloqalari faqatgina mojaroni barham toptirishga qaratilganini ta’kidlashgan.
AQSh tomon ham Afg‘oniston hukumati va "Tolibon" harakati o‘rtasida muzokaralar boshlanishiga yordam berish niyatida ekanligini bir necha bor ma’lum qilgan, ammo davlatning bu boradagi urinishlari hozircha sezilarli natija berganicha yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 2001-yildan boshlab Afg‘onistonda AQSh va uning ittifoqdoshlari harbiy kontingenti faoliyat yuritmoqda. Ular terrorchilarga qarshi operatsiyalarni amalga oshirib, mahalliy xavfsizlik kuchlariga yordam berib kelmoqda.