TOShKENT, 9 noya — Sputnik. O‘zbekiston hukumati Afg‘oniston va "Tolibon" radikal guruhi o‘rtasida muzokaralar uchun maydon taqdim qilishga tayyor, deb ma’lum qildi Afg‘oniston prezidentining MDH davlatlari bilan hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Shokir Kargar. Bu haqda Afghanistan.ru nashri xabar bermoqda.
Kargar dushanba, 7-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot-anjumanida chiqish qilar ekan, Toshkent nafaqat Qobulning Afg‘onistonda tinchlikni tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini, balki yarashuv jarayonini aniq harakatlar bilan qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan rasmiy Toshkent o‘z hududida toliblar bilan uchrashuvni tashkillashtirishni taklif qilmoqda.
Bundan tashqari, Kargarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Qobulning Shanxay hamkorlik tashkilotida to‘laqonli a’zolik qilishi bo‘yicha arizasini qo‘llab-quvvatlash hamda Afg‘onistonga narkoxavfga qarshi kurashda ko‘mak ko‘rsatishga rozilik bildirgan, deb ma’lum qildi afg‘on ommaviy axborot vositalari.