TOShKENT, 7 fev — Sputnik. Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi (XQXQ) va O‘zbekiston mudofaa vazirligi respublika harbiylarini o‘qitish va tayyorlash bo‘yicha o‘zaro dasturlar tuzishni ko‘zda tutuvchi hamkorlik haqidagi memorandumni imzoladi.
"O‘zaro anglash va hamkorlik haqida imzolangan memorandum O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylarini o‘qitish va tayyorlash dasturini yaratish bo‘yicha tavsiya va yo‘riqnomalar ishlab chiqishga yordam beruvchi hamkorlikning kelgusi yo‘nalishlarini belgilab beradi", — deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Memorandumda xususan, konferensiyalar, davra suhbatlari, o‘quv kurslari, seminar va treninglar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, XQXQning Markaziy Osiyodagi hududiy vakolatxonasi o‘quv materiallari, hujjatlar va adabiyotlarni yetkazib beradi.
Hujjatni imzolash marosimida O‘zbekiston mudofaa vaziri o‘rinbosari Muzaffar Soliyev va XQXQning Markaziy Osiyodagi hududiy vakolatxonasi rahbari Jan-Jerom Kasabyanka harbiy-tibbiy mutaxassislar tayyorlash va xalqaro harbiy va gumanitar huquq sohasida harbiylar malakasini oshirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikda erishilgan natijalarni yuqori baholashdi.
XQXQ O‘zbekiston Mudofaa vazirligi bilan 2007-yildan buyon muntazam asosda hamkorlik qilib keladi. O‘tgan davr mobaynida respublikada birgalikda 40dan ortiq loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi harbiy-tibbiyot fakulteti harbiy shifokorlari va kursantlari uchun maxsus o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.