TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Kecha soat 9:40 da Qamchiq dovonida A-373 "Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘lining 233-kmida 1000 kub metr hajmdagi qor ko‘chkisi yuz berdi. Soat 10:30 da esa shu yo‘lning 243-kmida 250 kub metrlik qor ko‘chkisi yuz berdi, deb xabar bergan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
Yo‘lning qolgan qismlarida ham ko‘chki yuz berishi xavfi tufayli 228-253-kilometrlarda harakatlanish to‘xtatilgan.
Toshkent viloyatining Ohangaron va Angren shaharlarida, Namangan viloyatining Pop tumanlarida yo‘lovchilarni va avtotransport haydovchilarini qabul qilish bo‘yicha choralar ko‘rilgan.
Dovonni kechib o‘tishga imkoniyati bo‘lmaganlar Ohangaron, Angren va Pop tumani umumiy ovqatlanish punktlarida joylashtirilmoqdalar. Ularga barcha sharoitlar, issiq yegulik, suv, dam olish uchun joylar muhayyo qilingan.
FVVning ta’kidlashicha, qor qatlamining holati nobarqaror va ko‘chish xavfi saqlanib qolmoqda.